Mastopatiya diagnostikasi

Mastopatiyada qaysi shifokorga murojaat qilish kerak?

Sog‘lig‘ida muammolar borligidan shubhalana boshlagan inson uchun eng muhim vazifalardan biri — birinchi navbatda qaysi shifokorga borishni hal qilishdir. Ko‘p ayollar mastopatiya belgilari (sut bezlaridagi og‘riq va noqulaylik) paydo bo‘lganda, eng avvalo... ginekolog qabuliga yozilish kerakligini hatto hayollariga ham keltirmaydilar. Ha, hayron bo‘lishga hojat yo‘q.

Ginekolog — ayollar salomatligi bilan bog‘liq barcha masalalar, jumladan, sut bezlari uchun ham mas’ul bo‘lgan shifokordir. Vaziyat bilan tanishib chiqqach, aynan ginekolog ayrim hollarda bemorni yanada torroq mutaxassis — mammolog huzuriga yuborish haqida qaror qabul qiladi. Mammolog sut bezining xavfli va xavfsiz kasalliklari bo‘yicha asosiy mutaxassis hisoblanadi hamda ginekolog bilan bir qatorda mastopatiyani aniqlash (diagnostika qilish) va davolash bilan shug‘ullanadi.

Mastopatiyaning zamonaviy diagnostika usullari

УЗИ и Маммография

UTT (UZI). Sut bezlari holatini tekshirishning eng oddiy va qulay usuli ultratovush tekshiruvi (UTT) hisoblanadi. Bu mutlaqo og‘riqsiz va xavfsiz muolajadir. Ultratovush apparatlari deyarli barcha tibbiyot muassasalarida mavjud, shuning uchun aynan ushbu usuldan ko‘proq foydalaniladi. Profilaktika maqsadida 18 yoshdan oshgan barcha ayollarga yiliga bir marta sut bezlarini UTTdan o‘tkazish tavsiya etiladi. Shuningdek, og‘riq va noqulaylik haqida shikoyatlar bo‘lganda, bu usul sut bezlarining holatini tekshirishning birlamchi bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.

Mammografiya. Bu sut bezi to‘qimalarini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beruvchi rentgenologik tekshiruvdir. Rentgen apparati sut bezini ikkita plastina orasida qisgan holda "ko‘zdan kechiradi". Tekshiruvni hayz siklining birinchi yarmi (ideali — ikkinchi haftasida), ya’ni sut bezlarining holati aniq tasvir olishga imkon berganda o‘tkazish tavsiya etiladi. Profilaktika maqsadida mammogramma 35 yoshdan oshgan ayollarga ikki yilda bir marta, 50 yoshdan oshganlarga esa har yili o‘tkaziladi. Olingan tasvirlar va ko‘rik natijalariga ko‘ra, shifokor tashxis qo‘yadi hamda fibroz-kistoz mastopatiya (va mastopatiyaning boshqa shakllari) uchun davolash choralarini belgilaydi.

Ayrim hollarda yanada batafsilroq tekshiruv talab qilinishi mumkin. Masalan, agar mammografiya biron sababga ko‘ra sut bezidagi o‘sma yoki kistaning joylashuvi va chegaralari haqida yetarlicha aniq tasvir bermasa, bemorga kompyuter tomografiyasi (KT) yoki magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) tayinlanishi mumkin. Bu, xususan, o‘smani olib tashlash bo‘yicha operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishda zarur bo‘ladi.

O‘sma xarakterini baholash uchun, masalan, tugunli mastopatiyada, aspiratsion biopsiya muolajasi ko‘p qo‘llaniladi (bunda ingichka nina yordamida "shubhali" to‘qimadan namuna olinadi). Bu sizda albatta saraton borligini anglatmaydi. Biopsiya sut bezidagi kista yoki o‘sma xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilish uchun tayinlanadi, zero mastopatiyani davolashda eng asosiysi — onkologiyani o‘tkazib yubormaslikdir. Olingan to‘qimalar keyinchalik mikroskop ostida tekshiriladi (sitologik va gistologik tahlil o‘tkaziladi).

O‘z-o‘zini tekshirish

Agar sizni hech narsa bezovta qilmasa ham, yiliga bir yoki ikki marta (har 6-12 oyda) ginekolog ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi. Ammo shu vaqt ichida sut bezlarida biron bir o‘zgarish yuz bersa-chi? Kasallikning ilk belgilarini o‘tkazib yubormaslik uchun har oyda mustaqil ravishda o‘z-o‘zini tekshirish tavsiya etiladi.

Sog‘liqni saqlash mutaxassislari tomonidan, taniqli Mastodinon® preparatini ishlab chiqaruvchi "Bionorika" kompaniyasi ko‘magida, qo‘llash uchun juda oddiy algoritm (ketma-ketlik) ishlab chiqilgan. O‘z-o‘zini tekshirishning bir nechta usullarini eslab qoling va ularni har oyda, hayz boshlanganidan keyin 6-12 kunlar oralig‘ida bajaring:

Vizual ko‘rik: beligacha yalang‘ochlaning, ko‘zgu qarshisida turing va sut bezlarini diqqat bilan ko‘zdan kechiring. Quyidagi holatlar sizni hushyor torttirishi lozim:

  • sut bezlaridan birining shakli yoki hajmi o‘zgargan bo‘lsa, shish, ichkariga tortilgan joylar yoki bo‘rtmalar paydo bo‘lsa;
  • terida qizarishlar, "limon po‘stlog‘i"ga o‘xshash o‘zgarishlar bo‘lsa;
  • bir yoki ikkala sut bezidan suyuqlik ajralsa;
  • so‘rg‘ichlar yoki ularning atrofi (areola) shakli, rangini o‘zgartirsa, yallig‘lansa yoki ichkariga tortilib qolsa.

Sut bezlarini paypaslab ko‘rish (palpatsiya): avval tik turgan holatda, so‘ngra yotgan holda amalga oshiriladi.

Image

Image

Har bir sut bezini sinchiklab paypaslab ko‘ring, to‘qimalardagi har qanday qattiqlashish yoki o‘zgarishlarni sezishga harakat qiling. Harakatni yuqori tashqi chorakdan boshlab, soat yo‘nalishi bo‘ylab davom ettiring.

Qo‘lingizni belingizga qo‘ying, so‘ngra ikkinchi (qarama-qarshi) qo‘lingiz bilan qo‘ltiq ostidagi limfa tugunlarini ehtiyotkorlik bilan paypaslab ko‘ring. Ular tashqi tomondan ko‘rinmasligi va qo‘l bilan bosilganda sezilmasligi lozim.

Image

Image

So‘rg‘ichni bosh va ko‘rsatkich barmoqlaringiz bilan ushlang va biroz bosing. Bunda siz og‘riq sezmasligingiz, shuningdek, sut bezidan hech qanday suyuqlik ajralmasligi lozim.

Yotgan holatda, sut bezini unga qarama-qarshi qo‘lingiz bilan xuddi ko‘zgu qarshisida bajarganingizdek ehtiyotkorlik bilan paypaslab ko‘ring. Shoshilmang – sut bezining yumshoq va bir xil tuzilishga (bir jinsli) ega ekanligiga ishonch hosil qilishingiz kerak.

Image

Agarda navbatdagi o‘z-o‘zini tekshirish davomida sut bezida biron bir o‘zgarish sezsangiz, bu mutaxassis qabuliga yozilish uchun jiddiy sababdir. "Vahimachi" bo‘lib ko‘rinishdan qo‘rqmang — keyinchalik afsuslangandan ko‘ra, hammasini yana bir bor tekshirib olganingiz ma’qul.